133-modda. Organlar, muassasalar va tashkilotlarning soliq organlariga maʼlumotlar taqdim etish majburiyatlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Tadbirkorlik subyekti boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga ushbu shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay tegishli yuridik shaxslarning davlat reyestridan koʻchirmani, rahbar (rahbar vazifalarini bajaruvchi shaxs) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va uning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid maʼlumotlarni topshirishi shart. Shuningdek mazkur organlar soliq organiga davlat reyestriga kiritilgan va tegishli shaxslarga taalluqli boʻlgan har qanday oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bunday oʻzgartirishlar kiritilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay maʼlum qilishi shart.

(133-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)

Ichki ishlar organlari identifikatsiyalovchi ID-kartalar berilganligi, shu jumladan yoʻqotilgan yoki amal qilish muddati oʻtgan pasportlar yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalar oʻrniga identifikatsiyalovchi ID-kartalar berilganligi faktlari toʻgʻrisida, bekor qilingan pasportlar yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalar haqida oʻzlari joylashgan joydagi soliq organlariga har oyda xabar berib borishi, shuningdek turar joyni ijaraga olish (ijaraga berish) shartnomasi, tekin foydalanishga berish shartnomasi mavjud emasligi yoki ijaraga olish (ijaraga berish) shartnomasining soliq organlarida majburiy hisobga qoʻyilishiga rioya etilmaganligi boʻyicha aniqlangan faktlar toʻgʻrisida oʻzlari joylashgan joydagi soliq organlariga uch kun ichida xabar berishi shart.

(133-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mol-mulk, ularning mulkdorlari (egalari) toʻgʻrisidagi axborotni davlat soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi shart.

(133-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-714-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qonunchilikka muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida har yili 1-mayga qadar maqbul ekin ekilmagan yer uchastkasi va ularning mulkdorlari (egalari) toʻgʻrisidagi axborotni davlat soliq organlariga real vaqt rejimida, elektron shaklda taqdim etishi shart.

(133-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-apreldagi OʻRQ-1128-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 03/26/1128/0349-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 14-iyul)

Tabiiy resurslardan foydalanuvchilarni hisobga olishni va (yoki) ularni roʻyxatdan oʻtkazishni, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiruvchi organlar tabiatdan foydalanish joyidagi soliq organlariga tegishli tarzda roʻyxatdan oʻtkazilgan (litsenziya, ruxsatnoma berilgan) kundan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq solish obyekti boʻlgan bunday resurslardan foydalanishga doir huquqlar berish toʻgʻrisida maʼlum qilishi shart.

Suv resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar suvdan foydalanish yoki suvni isteʼmol qilish joyidagi soliq organlariga suvdan foydalanuvchi shaxslar va ular tomonidan foydalanilgan suv hajmlari toʻgʻrisida real vaqt rejimida elektron shaklda axborot taqdim etishi shart.

(133-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-714-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son)

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar berilgan, uzaytirilgan, toʻxtatib turilgan, qayta tiklangan, tugatilgan, bekor qilingan, qayta rasmiylashtirilgan va chaqirib olingan litsenziyalar, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vakolatli organlarga yuborilgan xabarnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatilgan tartib-taomillardan oʻtgan shaxslar joylashgan yerdagi soliq organlariga elektron shaklda real vaqt rejimida taqdim etishi shart.

(133-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalarini akkreditatsiyadan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar hamda tashkilotlar chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan oʻtkazilganligi (akkreditatsiyadan mahrum etilganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga tegishli hodisa roʻy bergan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida maʼlum qilishi shart.

Xalqaro tashkilotlarning hamda chet el notijorat nohukumat tashkilotlarining vakolatxonalari reyestrini yuritish vakolatiga ega boʻlgan organ mazkur reyestrga tegishli tarzda kiritilganlik (reyestrdagi oʻzgartirishlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni akkreditatsiyadan oʻtkazilgan (akkreditatsiyadan mahrum etilgan) yoki mazkur reyestrga maʼlumotlar (oʻzgartirishlar) kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga xabar qilishi shart.

Vasiylik va homiylik organlari mol-mulk mulkdorlari (egalari) boʻlgan jismoniy shaxslarga nisbatan vasiylik, homiylik hamda mol-mulk boshqaruvi belgilanganligi toʻgʻrisida, shu jumladan mol-mulk mulkdori (egasi) boʻlgan bolaning vasiy oilaga topshirilganligi haqida, shu jumladan mazkur vasiylik, homiylik va mol-mulk boshqaruvi bilan bogʻliq keyingi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida oʻzlari joylashgan yerdagi soliq organlariga maʼlum qilishi shart.

Notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan organlar (muassasalar) koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori haqida, merosga egalik qilish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalar berilganligi hamda hadya etish shartnomalari notarial tarzda tasdiqlanganligi toʻgʻrisida soliq organlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida real vaqt rejimida xabar qilishi shart. Bunda hadya etish shartnomalari tasdiqlanganligi toʻgʻrisida taqdim etilayotgan axborotda hadya qiluvchi va hadya oluvchi shaxs oʻrtasidagi qarindoshlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.

(133-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-714-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son)

Chet ellik fuqarolarga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ishlash uchun ruxsatnomalar yoki patentlar berishni amalga oshiruvchi organlar chet ellik fuqarolar yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turgan joyi boʻyicha migratsiya hisobiga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xabar qilishi shart. Bunday maʼlumotlar soliq organlarida hisobda turmagan va oʻziga nisbatan ishlash uchun ruxsatnomani yoki patentni rasmiylashtirish uchun hujjatlar koʻrib chiqishga qabul qilingan chet ellik fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan taqdim etiladi. Mazkur organlar belgilangan hujjatlar qabul qilingan kundan keyin keladigan kundan kechiktirmay ushbu maʼlumotlarni oʻzlari joylashgan yerdagi soliq organlariga xabar qiladi.

Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga oʻzi va investitsiya vositachilari tomonidan roʻyxatga olingan aksiyalarga doir bitimlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi shart.

Bojxona organlari soliq organlariga quyidagilarni taqdim etishi shart:

import operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni, tovarlar, shuningdek milliy va xorijiy elektron savdo maydonchalarida (elektron savdo platformalarida) xorijiy davlatlarga realizatsiya qilingan tovarlar bojxona chegarasini kesib oʻtganidan keyin eksport operatsiyalari boʻyicha axborotni hamda tovarlarni olib oʻtish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan tovarlarni olib oʻtish haqidagi axborotni real vaqt rejimida;

(133-modda oʻn uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona omborlarida tovarlar saqlanayotganligi faktlari toʻgʻrisidagi axborotni har oyda.

(133-moddaning oʻn uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlash va mahsulot yetishtirish boʻyicha namunaviy texnologik xarita maʼlumotlarini axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etishi shart.

(133-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan oʻn toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining domen nomlari tizimini belgilovchi organ soliq organlariga tegishli maʼlumotlar bazasiga ulanish uchun dasturiy mahsulotlarni taqdim etish orqali domen nomlarining maʼmurlari toʻgʻrisidagi axborotlarga kirish huquqini beradi.

Soliq organlariga ushbu moddada nazarda tutilgan, qogʻozda yoki elektron shaklda taqdim etiladigan maʼlumotlarning shakllari, shuningdek shakllarni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Maʼlumotlarni soliq organlariga elektron shaklda taqdim etish tartibi oʻzaro hamkorlik qiluvchi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.

Ushbu moddada koʻrsatilgan maʼlumotlar soliq organlariga bepul taqdim etiladi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan maʼlumotlar ushbu moddada belgilangan organlar, muassasalar, tashkilotlar yoki notarial harakatlarni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan soliq organlarining soʻrovlariga binoan soʻrov olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.

Muassasalar va tashkilotlar tomonidan soliq organlariga maʼlumotlar taqdim etish majburiyati qonunchilikda belgilanadi.

(133-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan oʻn toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.