134-modda. Banklarning soliq nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlari
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Bank har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsning (bundan buyon ushbu moddada mijoz deb yuritiladi) hisobvaragʻi yoki omonati (depoziti) ochilganligi (yopilganligi), hisobvaragʻi yoki omonati (depoziti) rekvizitlarining oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi axborotni tegishli hodisa roʻy bergan kundan eʼtiboran uch kun ichida elektron shaklda, oʻzi joylashgan yerdagi soliq organiga maʼlum qilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan axborotni bank tomonidan maʼlum qilish tartibi va shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(134-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
Soliq organining bank mijoziga nisbatan axborot taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻroviga binoan bank yozma soʻrov olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida soliq organlariga quyidagilarni berishi shart:
1) mijozning bankda hisobvaraqlari va omonatlari (depozitlari) mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
2) mijozning hisobvaraqlari va omonatlaridagi (depozitlaridagi) pul mablagʻlarining qoldiqlari haqidagi maʼlumotlarni;
3) mijozning hisobvaraqlaridagi operatsiyalarga hamda omonatlariga (depozitlariga) doir koʻchirmalarni;
4) soliq toʻlovchining soliq majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlarni.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan axborot, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda chet davlat vakolatli organining soʻrovi asosida ham soliq organlari tomonidan bankdan soʻrab olinishi mumkin.
Soliq organi tomonidan bankka soʻrov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining soʻrovlariga koʻra axborot taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(134-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.