140-modda. Soliq auditi

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Muayyan davr uchun soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlashning toʻgʻriligini tekshirish soliq auditidir.

Soliq auditi soliq toʻlovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq toʻlovchiga (soliq agentiga) nisbatan oʻtkaziladi.

Soliq organlari soliq auditi oʻtkazilishi boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin soliq toʻlovchiga soliq auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.

Xabarnomada soliq auditining boshlanish sanasi, tekshirilishi lozim boʻlgan masalalarning roʻyxati, zarur hujjatlarning dastlabki roʻyxati, shuningdek soliq auditini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Agar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash belgilari mavjud boʻlsa, soliq organi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishgan holda soliq toʻlovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqlidir.

Yirik soliq toʻlovchilar toifasiga mansub boʻlgan soliq toʻlovchilarning soliq auditi Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan inspeksiya boshligʻining (inspeksiya boshligʻi oʻrinbosarining) buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.

Soliq auditida ishtirok etish uchun boshqa soliq organlarining mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin.

Soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) soliq auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻida tekshiriladigan soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, soliq auditini oʻtkazish muddatlari va maqsadi koʻrsatiladi.

Soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) soliq auditini oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi bilan uni oʻtkazish dasturi ham tasdiqlanadi.

Ushbu Kodeksning 143-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq auditi faqat ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan daʼvo qilish muddati oʻtmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin.

Soliq toʻlovchi ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda soliq auditi, soliq toʻlovchining bevosita soliq auditi oʻtkazilayotgan yildan oldingi uch yildan koʻp boʻlmagan faoliyatini qamrab olishi mumkin.

Soliq auditi oʻtkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq toʻlovchi tomonidan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Soliq auditi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

(140-moddaning oʻn uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.