21-modda. Soliq toʻlovchilarning huquqlari
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Soliq toʻlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari doirasida) amaldagi soliqlar toʻgʻrisida, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikdagi oʻzgarishlar haqida, soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida axborotni, soliq hisobotining va arizalarning shakllarini, shuningdek ularni toʻldirish tartibi haqida tushuntirishlarni bepul olish;
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
oʻz soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlarida va boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan maʼlumotlarni olish;
ushbu Kodeksda belgilangan asoslar mavjud boʻlganda va tartibda soliq imtiyozlaridan foydalanish yoxud ulardan foydalanishni rad etish;
soliqlar, penyalar va jarimalarning ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan summalarini oʻz vaqtida hisobga oʻtkazish yoki qaytarish;
ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash;
soliq solish obyektlarini hisobga olishda, soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlashda oʻzlari yoʻl qoʻygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
ushbu Kodeksga muvofiq oʻz hududida oʻtkaziladigan sayyor soliq tekshiruvini va soliq auditini oʻtkazish chogʻida hozir boʻlish;
sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi materiallari bilan tanishish, shuningdek ushbu tekshiruvlarning dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvini amalga oshiruvchi soliq organlariga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosiga taalluqli masalalar boʻyicha tushuntirishlar berish;
(21-modda birinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va (yoki) soliq toʻgʻrisidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan talablarini bajarmaslik;
(21-modda birinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning normativ tusga ega boʻlmagan hujjatlari hamda qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi materiallarini yoki soliq organlarining boshqa hujjatlarini koʻrib chiqish jarayonida ishtirok etish;
soliq munosabatlari masalalariga oid oʻz manfaatlarini shaxsan yoxud soliq maslahatchilari tashkiloti yoki boshqa oʻz vakillari orqali ifodalash;
soliq siriga rioya etish va uni saqlash.
Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksda va soliq toʻgʻrisidagi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan oʻzga huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq toʻlovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq toʻlovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq toʻlovchilarning huquqlari soliq organlari va boshqa vakolatli organlar mansabdor shaxslarining tegishli majburiyatlari bilan taʼminlanadi.
Soliq toʻlovchilarning huquqlarini taʼminlashga oid majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
(21-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.