215-modda. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno qiluvchi holatlar
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno qiladigan holatlar deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
1) soliqqa oid huquqbuzarlik belgilari boʻlgan qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib boʻlmaydigan holatlar oqibatida sodir etilganligi. Mazkur holatlar hammaga maʼlum faktlarning mavjudligi, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlar va isbotlash uchun maxsus vositalar talab etilmaydigan boshqa usullar bilan aniqlanadi;
2) soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlari boʻlgan qilmish bunday qilmish sodir etilgan paytda kasallik oqibatida oʻz harakatlarini oʻzi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan holatda boʻlgan soliq toʻlovchi — jismoniy shaxs tomonidan sodir etilganda. Mazkur holatlar mazmuni, mohiyati va sanasi boʻyicha soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan oʻsha soliq davriga taalluqli boʻlgan hujjatlarni soliq organiga taqdim etish orqali isbotlanadi;
3) soliq organining yoki boshqa vakolatli organning (ushbu organ mansabdor shaxsining) soliqni (yigʻimni) hisoblab chiqarish, toʻlash tartibi toʻgʻrisida yoki soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik qoʻllanilishining boshqa masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida soliq toʻlovchiga (yigʻim toʻlovchiga, soliq agentiga) yoxud nomaʼlum doiradagi shaxslarga bergan yozma tushuntirishlari soliq toʻlovchi (yigʻim toʻlovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganda. Mazkur holatlar ushbu organning tegishli hujjati mavjud boʻlgan taqdirda belgilanadi, ushbu hujjat maʼnosi va mazmuniga koʻra, bunday hujjat qabul qilingan sanadan qatʼi nazar, soliqqa oid huquqbuzarlik yuz bergan soliq davriga taalluqli boʻladi;
(215-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4) soliq monitoringini oʻtkazish davrida soliq organining soliq toʻlovchiga (yigʻim toʻlovchiga, soliq agentiga) yuborilgan asoslantirilgan fikri soliq toʻlovchi (yigʻim toʻlovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganda.
Ushbu modda birinchi qismining 3 va 4-bandlari qoidalari, agar soliq organining yozma tushuntirishlari yoki asoslantirilgan fikri soliq toʻlovchi (yigʻim toʻlovchi, soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan toʻliq boʻlmagan yoki notoʻgʻri axborotga asoslangan boʻlsa, qoʻllanilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlganida shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgar boʻlmaydi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.