250-modda. Vositachilik (topshiriq), transport ekspeditsiyasi shartnomalari boʻyicha operatsiyalar amalga oshirilganda soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Komitentning (ishonch bildiruvchining) topshirigʻiga koʻra komitentga (ishonch bildiruvchiga) tegishli boʻlgan tovarlar realizatsiya qilingan taqdirda, vositachilik (topshiriq) shartnomasining shartlariga muvofiq boʻlgan shartlar asosida vositachi (ishonchli vakil) tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim boʻyicha komitent (ishonch bildiruvchi) bunday uchinchi shaxsga xizmatlar koʻrsatganda soliq bazasi quyidagicha aniqlanadi:

1) vositachining (ishonchli vakilning) soliq bazasi – uning soliqni oʻz ichiga oladigan vositachilik haqi miqdorida;

2) komitentning (ishonch bildiruvchining) soliq bazasi – komitentning (ishonch bildiruvchining) topshirigʻiga koʻra vositachi (ishonchli vakil) tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning qiymati, shuningdek soliqni kiritmagan holda vositachi (ishonchli vakil) tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim boʻyicha komitent (ishonch bildiruvchi) bunday uchinchi shaxsga koʻrsatgan xizmatlarning qiymati miqdorida.

Soliq solishdan ozod etish soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan vositachilik (topshiriq), transport ekspeditsiyasi shartnomalari asosida xizmatlar koʻrsatishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Vositachilik (topshiriq) shartnomasi shartlariga muvofiq boʻlgan shartlar asosida komitent (ishonch bildiruvchi) uchun uning topshirigʻiga koʻra olingan tovarlar vositachi (ishonchli vakil) tomonidan komitentga (ishonch bildiruvchiga) berilgan taqdirda, uchinchi shaxs tomonidan vositachi (ishonchli vakil) bilan tuzilgan bitim boʻyicha bunday uchinchi shaxs komitent (ishonch bildiruvchi) uchun xizmatlar koʻrsatganda vositachining (ishonchli vakilning) soliq bazasi uning soliqni oʻz ichiga oladigan vositachilik haqi miqdorida aniqlanadi.

Transport ekspeditsiyasi shartnomasida belgilangan, transport ekspeditsiyasi shartnomasi boʻyicha mijoz boʻlgan taraf uchun tashuvchi va (yoki) boshqa yetkazib beruvchilar tomonidan xizmatlar koʻrsatilgan taqdirda, ekspeditorning soliq bazasi transport ekspeditsiyasi shartnomasida nazarda tutilgan, uning soliqni oʻz ichiga oladigan haqi miqdorida aniqlanadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.