277-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishda va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tovarlarni olib chiqishda soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq solish tanlangan bojxona rejimiga qarab, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) tovarlar erkin muomalada boʻlish (import) uchun chiqarish bojxona rejimiga joylashtirilganda soliq toʻliq hajmda hisoblanadi;
2) tovarlar reimport bojxona rejimiga joylashtirilganda soliq toʻlovchi ushbu Kodeksga muvofiq tovarlar eksport qilinganda toʻlashdan ozod etilgan soliq summalarini yoxud unga tovarlar eksport qilinganligi tufayli qaytarib berilgan summalarni toʻlaydi. Sanab oʻtilgan summalarni toʻlash bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi;
(277-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3) tovarlar tranzit, bojxona ombori, reeksport, boj olinmaydigan savdo, erkin bojxona hududi, yoʻq qilish, davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga, shuningdek gʻamlab qoʻyilgan narsalar bojxonada deklaratsiya qilinganda soliq toʻlanmaydi;
4) tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilganda, basharti qayta ishlash mahsulotlarini muayyan muddatda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqilsa, soliq toʻlanmaydi;
5) tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilganda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda soliq toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etish qoʻllaniladi;
(277-modda birinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6) bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash mahsulotlari olib kirilgan taqdirda, soliq toʻlovi bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi;
(277-modda birinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7) tovarlar ichki isteʼmol uchun qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilganda soliq toʻliq hajmda toʻlanadi.
Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilayotganda soliq solish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan eksport bojxona tartib-taomilida olib chiqilayotganda soliq toʻlanmaydi. Mazkur qoida tovarlarni keyinchalik eksport bojxona tartib-taomiliga muvofiq olib chiqish maqsadida ushbu tovarlar bojxona ombori tartib-taomiliga joylashtirilganda ham qoʻllaniladi;
2) tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga reeksport bojxona tartib-taomilida olib chiqilayotganda soliq toʻlanmaydi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish chogʻida toʻlangan soliq summalari esa soliq toʻlovchiga bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qaytariladi. Mazkur qoida tovarlar reeksport bojxona tartib-taomiliga muvofiq keyinchalik olib chiqish maqsadida bojxona ombori bojxona tartib-taomiliga joylashtirilganda ham qoʻllaniladi;
(277-modda ikkinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3) maxsus bojxona tartib-taomilini tugallash maqsadida gʻamlab qoʻyilgan narsalar, shuningdek tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilayotganda soliq toʻlanmaydi;
4) tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan ushbu qismning 1 — 3-bandlarida koʻrsatilganlariga nisbatan boshqa tartib-taomillarga muvofiq olib chiqilayotganda, agar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bojxona tartib-taomillari bilan soliq toʻlashdan ozod etish va (yoki) toʻlangan soliq summalarini qaytarish amalga oshirilmaydi.
(277-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy, oilaviy, uy-roʻzgʻor ehtiyojlari va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ehtiyojlar uchun moʻljallangan tovarlar olib oʻtilayotganda, tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotganligi munosabati bilan soliq toʻlash tartibi bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanadi.
(277-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.