278-modda. Soliq toʻlovchilar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni jismoniy shaxslarga koʻrsatishga oid qism boʻyicha soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

Agar chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan xizmatlarni elektron shaklda koʻrsatsa hamda ularni realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlsa, bunday xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslari bilan topshiriq, vositachilik, agentlik shartnomalari yoki boshqa shunga oʻxshash shartnomalar asosida bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etadigan vositachilar boʻlgan chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni realizatsiya qilishga doir operatsiyalarga nisbatan soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.

Agar bunday xizmatlar vositachilar boʻlgan bir nechta yuridik shaxsning hisob-kitoblarida izchil ketma-ketlikda ishtirok etgan holda koʻrsatilsa, bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etayotgan vositachi boʻlgan chet el yuridik shaxsi, unda ushbu xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxsi bilan shartnoma mavjudligidan qatʼi nazar, soliq agenti deb eʼtirof etiladi.

Agar bunday xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarga koʻrsatiladigan boʻlsa, bunday xizmatlarning xaridorlari boʻlgan mazkur shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.