29-modda. Soliq siri

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Vakolatli organlar tomonidan olingan soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq sirini tashkil etadi, quyidagilar bundan mustasno:

1) hamma foydalanishi mumkin boʻlgan, shu jumladan egasining roziligi bilan shunday foydalanish imkoni yaratilgan maʼlumotlar;

2) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

3) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari va bu qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

(29-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

4) soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻllaniladigan soliq rejimlari va qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar sifatida hisobga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

5) toʻlangan soliqlarning va soliq qarzining summalari haqidagi maʼlumotlar;

6) yuridik shaxsning ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

7) xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

8) moliyaviy hisobot maʼlumotlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Soliq siri davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, jalb etiladigan mutaxassislar va ekspertlar tomonidan oshkor etilishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

(29-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq sirini oshkor etish jumlasiga, xususan, soliq toʻlovchining tijorat sirini (ishlab chiqarish sirini) tashkil etuvchi va davlat organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan mutaxassisga yoki ekspertga ular oʻz majburiyatlarini bajarishi chogʻida maʼlum boʻlib qolgan axborotdan foydalanish yoki uni boshqa shaxsga berish kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq organlariga yoki boshqa tegishli organlariga soliq toʻlovchi toʻgʻrisida soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etish soliq sirini oshkor etish sirasiga kirmaydi.

Davlat organlariga kelib tushgan soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar maxsus saqlash va foydalanish rejimiga ega.

Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlardan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan mansabdor shaxslar foydalanish huquqiga ega.

Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlarning yoʻqotilishi yoki bunday maʼlumotlarning oshkor etilishi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.

Ushbu moddaning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tasarrufidagi, soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadigan va ularga ishlov beradigan tashkilotlar tomonidan olingan maʼlumotlarga, shuningdek mazkur tashkilotlarning xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.