300-modda. Talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromadlar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromadlar quyidagilarning oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi:

1) talab qilish huquqini oluvchi soliq toʻlovchi uchun — qarzdordan talab boʻyicha asosiy qarzdan olinishi lozim boʻlgan summa, shu jumladan talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish sanasidagi asosiy qarzdan ortiq summa bilan talab qilish huquqini olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq;

2) talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechgan soliq toʻlovchi uchun — talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish qaysi qiymat boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha qiymat bilan soliq toʻlovchining dastlabki hisobga olish hujjatlariga binoan talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish sanasida qarzdordan olinishi lozim boʻlgan talabning qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq;

3) qarzni talab qilish huquqini bundan buyon amalga oshiruvchi soliq toʻlovchi uchun — talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish qiymati bilan mazkur talabni sotib olish xarajatlarining summasi oʻrtasidagi ijobiy farq.

Talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechishdan olingan daromad talab qilish huquqidan voz kechish amalga oshirilgan hisobot (soliq) davrida eʼtirof etiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasiga koʻra olingan salbiy farq soliq toʻlovchining zarari deb eʼtirof etiladi va soliq bazasi aniqlanayotganda chegirib tashlanadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.