312-modda. Ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Ushbu boʻlim maqsadlarida yangi ilmiy yoki texnik bilimlar va gʻoyalarni olish maqsadida amalga oshirilgan original hamda rejali tadqiqotlar jumlasiga kiradigan xarajatlar ilmiy tadqiqotlarga doir xarajatlar deb eʼtirof etiladi.

(312-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Ushbu boʻlim maqsadlarida yangi mahsulotni (tovarlarni, xizmatlarni) yaratish yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotni (tovarlarni, xizmatlarni) takomillashtirishga, ishlab chiqarishni va boshqaruvni tashkil etishning yangi texnologiyalarini, usullarini yaratish yoki qoʻllanilayotganlarini takomillashtirish jumlasiga kiradigan xarajatlar tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar deb eʼtirof etiladi.

Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlarga ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan yoki asoslantirilgan tarzda ushbu konstruktorlik faoliyati turlari jumlasiga kiritilishi mumkin boʻlgan barcha xarajatlar kiritiladi.

(312-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Soliq toʻlovchining ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlari, amortizatsiya qilinadigan aktivlarni olishga oid xarajatlardan tashqari, tegishli ilmiy tadqiqotlar va (yoki) tajriba konstruktorlik ishlanmalarining natijasidan qatʼi nazar, ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda bunday tadqiqotlar va ishlanmalar (xizmatlarning alohida bosqichlari) tugallangan va (yoki) qabul qilish-topshirish dalolatnomasini taraflar imzolaganidan keyin 2-koeffitsiyent qoʻllanilgan holda chegirib tashlanadi.

(312-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-oktabrdagi OʻRQ-722-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2021-y., 03/21/722/0960-son)

Agar soliq toʻlovchi ilmiy tadqiqotlar va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalari yuzasidan amalga oshirilgan xarajatlar natijasida intellektual faoliyat natijalariga boʻlgan mutlaq huquqlarni olsa, mazkur huquqlar nomoddiy aktivlar deb eʼtirof etiladi. Bunday holda koʻrsatilgan xarajatlar ushbu Kodeksning 307-moddasida nazarda tutilgan tartibda chegirib tashlanadi.

Ushbu moddaning qoidalari shartnoma boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini ijrochi (pudratchi yoki subpudratchi) sifatida bajaruvchi soliq toʻlovchilarning xarajatlarini soliq solish maqsadlarida eʼtirof etishga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.