76-modda. Soliq solish maqsadlarida hisobga olish va hisob hujjatlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliq solish obyektlari va (yoki) soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirish hamda tizimlashtirish, shuningdek soliqlarni, yigʻimlarni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini tuzish maqsadida ushbu Kodeks talablariga muvofiq soliq toʻlovchi yoki soliq agenti tomonidan hisob hujjatlarini yuritish soliq solish maqsadlarida hisobga olish deb eʼtirof etiladi.

Hisob hujjatlari soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan boshlangʻich hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.

Agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi maʼlumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.

(76-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq zimmasiga buxgalteriya hisobini yuritish majburiyati yuklatilmagan shaxslar soliq solish maqsadlarida hisobga olishni ushbu bobga muvofiq tashkil etadi va yuritadi.

(76-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq solish maqsadlarida hisobga olishga nisbatan soliq organlarining axborot tizimlaridan majburiy foydalanishga doir talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan tartibda belgilanishi mumkin.

(76-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.