77-modda. Soliq solish maqsadlarida hisob siyosati

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliq solish maqsadlaridagi hisob siyosati soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunda hisob siyosati ixtiyoriy shaklda tasdiqlanadi va unda quyidagilar aks ettirilishi kerak:

1) agar soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchi yoki soliq agenti tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan soliq registrlarining shakli va ularni tuzish tartibi;

(77-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

2) unga rioya etilishi ustidan masʼul mansabdor shaxslar;

3) soliq solish maqsadlarida alohida-alohida hisob yuritish tartibi, agar bunday hisob yuritish majburiyati ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boʻlsa;

4) soliq toʻlovchi tomonidan foyda soligʻini hisoblab chiqarish maqsadida sarflarni xarajatlar sirasiga kiritish, shuningdek qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olishning tanlangan usullari;

5) xedjirlanadigan tavakkalchiliklarni, xedjirlanadigan moddalarni va ularga nisbatan qoʻllaniladigan xedjirlash vositalarini aniqlash siyosati, xedjirlash operatsiyalari, shuningdek boshqa moliyaviy tavakkalchiliklar amalga oshirilgan taqdirda xedjirlash samaradorligi darajasini baholash uslubiyati;

6) aktivlarning har bir guruhi va kichik guruhi boʻyicha amortizatsiya normalari (hisoblash usullari);

7) buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq islomiy moliya faoliyatidan va islomiy qimmatli qogʻozlardan olingan daromadlarning alohida hisobini yuritish tartibi.

(77-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan 7-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)

Soliq solish maqsadlarida hisob siyosatini oʻzgartirish va (yoki) unga qoʻshimchalar kiritish soliq toʻlovchi tomonidan quyidagi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi:

1) buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilgan yangi hisob siyosatini yoki uning yangi boʻlimini tasdiqlash;

(77-modda ikkinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

2) buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilgan amaldagi hisob siyosatiga yoki amaldagi hisob siyosatining boʻlimiga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish.

(77-modda ikkinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Hisob siyosatini shakllantirishda soliq toʻlovchi tomonidan soliq solish maqsadlarida tanlangan hisob yuritish usullari tegishli hisob siyosati tasdiqlangan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan eʼtiboran qoʻllaniladi.

Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs yoki chet el yuridik shaxsining doimiy muassasasi soliq solish maqsadlarida hisob yuritish usullari toʻgʻrisidagi qarorni oʻzi tashkil etilgandan keyingi birinchi hisobot davri davomida qabul qiladi.

Soliq solish maqsadlaridagi hisob siyosati kalendar yil davomida oʻzgartirilmaydi. Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoxud soliq solish shartlariga oʻzgartirish kiritilganda va faqat ushbu oʻzgartirishlar taalluqli boʻlgan qismida soliq toʻlovchining hisob siyosatida oʻzgartirishlar qilishga yoʻl qoʻyiladi.

(77-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.