81-modda. Soliq hisobotini shakllantirish va tuzish
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
(81-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Soliq toʻlovchining har bir soliq turi yoki toʻlangan daromadlar boʻyicha hisob-kitoblarni va soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga hamda soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni oʻz ichiga oladigan, soliq toʻlovchilarning va soliq agentlarining soliq majburiyatlarini aniqlash uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlari soliq hisobotidir.
Soliq hisoboti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shakllarda tuziladi.
Soliq hisoboti soliq organlariga shaxs faqat soliq toʻlovchi deb eʼtirof etiladigan soliqlar boʻyicha taqdim etiladi.
Soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik soliq toʻlovchining yoki soliq agentining zimmasiga yuklanadi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq hisobotlari soliq organlarining axborot tizimida mavjud boʻlgan hamda soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan shaxsiy kabinetdagi interaktiv xizmatga kiritilgan maʼlumotlar asosida soliq organlari tomonidan elektron shaklda shakllantiriladi.
Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan hisobot maʼlumotlari soliq toʻlovchining (soliq agentining) hisob hujjatlaridan farq qilganda, soliq toʻlovchi (soliq agenti) mazkur hisobotga besh kun ichida, biroq tegishli hisobotni taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan tuzatish kiritadi va uni taqdim etadi.
Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotiga ushbu moddaning oltinchi qismida koʻrsatilgan muddatda tuzatishlar kiritilmaganligi soliq toʻlovchining (soliq agentining) soliq organlari tomonidan shakllantirilgan hisobotga rozi ekanligini bildiradi va soliq organlari tomonidan shakllantirilgan holda taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Soliq organlari tomonidan shakllantiriladigan hisobotni tuzish, unga tuzatish kiritish va uni taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(81-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan beshinchi — sakkizinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.