82-modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shaklda qogʻoz yoki elektron shaklda ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar bilan birga taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchi ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishga haqli.
Yuridik shaxs boʻlgan soliq toʻlovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq hisobotini oʻzi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shakllar boʻyicha elektron hujjat tarzida taqdim etadi.
Yirik soliq toʻlovchilar, joylashgan yeridan qatʼi nazar, soliq hisobotini Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etadi.
Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari qoidalari davlat sirlari jumlasiga kiritilgan axborotni taqdim etishga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Soliq hisoboti blankalari soliq organlari tomonidan bepul taqdim etiladi.
Soliq hisoboti ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliq toʻlovchi tomonidan soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi yoxud pochta joʻnatmasi tarzida joylanmalar roʻyxati bilan yuborilishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq hisobotini soliq toʻlovchi nomidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etishga haqli.
Soliq organi soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan shaklda taqdim etilgan soliq hisobotini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Soliq hisoboti qogʻozda olingan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchining iltimosiga koʻra, soliq hisobotining koʻchirma nusxasiga uning qabul qilib olingani toʻgʻrisida belgi qoʻyishi va u olingan sanani koʻrsatishi shart.
Soliq hisoboti, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilgan holda taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchi va uning vakolatli vakili soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligini tasdiqlab, unga imzo qoʻyadi.
Agar soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligini soliq toʻlovchining vakolatli vakili tasdiqlasa, soliq hisobotida bu haqda tegishli belgi qoʻyiladi. Bunda soliq hisobotiga ushbu vakilning uni imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.
Soliq hisoboti elektron shaklda taqdim etilganda vakilning uni imzolashga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
Soliq hisoboti soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
(82-moddaning oʻn beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq soliq hisobotini taqdim etish majburiyati zimmasiga yuklatilgan soliq agentlariga va boshqa shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.