83-modda. Soliq hisobotiga oʻzgartirishlar kiritish

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Oʻzi ilgari taqdim etgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni va (yoki) xatolarni aniqlagan soliq toʻlovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart.

Soliq imtiyozlaridan foydalanilganidan keyin jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq boʻyicha hisoblangan soliq summasining kamayishiga olib keladigan aniqlashtirilgan soliq hisobotlari ularning asosliligi soliq organlari tomonidan oʻrganib chiqilganidan keyin qabul qilinadi.

(83-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1104/1213-son)

Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar hisoblab chiqarilgan soliq summasining kamayishiga olib kelmagan boʻlsa, soliq toʻlovchi oʻzi ilgari taqdim etgan soliq hisobotiga zarur tuzatishlar kiritishga va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishga haqli. Bunda soliq hisobotini taqdim etishning belgilangan muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti muddat buzilgan holda taqdim etilgan deb hisoblanmaydi.

Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga soliq hisobotini taqdim etish muddati oʻtgunga qadar taqdim etilgan boʻlsa, soliq hisoboti aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kun taqdim etilgan deb hisoblanadi.

Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga soliqni toʻlash muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan boʻlsa, soliq toʻlovchi bir paytning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi:

1) aniqlashtirilgan soliq hisoboti u hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan holatlar soliq organi tomonidan aniqlanganligini yoki soliq auditi tayinlanganligini bilgan paytga qadar taqdim etilgan boʻlsa;

2) aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgunga qadar u yetishmayotgan soliq summasini va unga tegishli penyalarni toʻlagan boʻlsa.

Aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga, ushbu moddada nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda, soliq hisobotini topshirish uchun belgilangan tartibda taqdim etiladi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlari tomonidan taqdim etiladigan aniqlashtirilgan soliq hisobotiga nisbatan ham qoʻllaniladi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.