98-modda. Soliqni toʻlash muddatini oʻzgartirishni istisno etadigan holatlar
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Agar manfaatdor shaxsga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilayotgan boʻlsa, soliqni toʻlash muddati oʻzgartirilishi mumkin emas:
1) agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi bilan bogʻliq jinoyat alomatlari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa;
(98-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2) ushbu shaxs bunday oʻzgartirishdan soliq solinishi lozim boʻlgan oʻz pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini yashirish uchun foydalanishini yoki ushbu shaxs doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishini taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud boʻlsa;
3) ushbu shaxs soliqni toʻlash muddatini oʻzgartirish toʻgʻrisida ariza bergan kundan oldingi uch yil mobaynida ushbu Kodeksning 99-moddasida koʻrsatilgan organ tomonidan soliq toʻlash muddatini tegishli oʻzgartirish shartlari buzilganligi munosabati bilan ilgari berilgan kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan boʻlsa;
4) shaxs bankrot deb topilgan boʻlsa;
(98-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
5) shaxs ushbu Kodeks 100-moddasi ikkinchi qismining 32-bandi boʻyicha yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan boʻlsa.
(98-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 5-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shartlar ushbu Kodeks 99-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin emas, qabul qilingan qaror esa bekor qilinishi lozim.
Qabul qilingan qaror bekor qilingani toʻgʻrisida manfaatdor shaxs va ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organi uch kunlik muddatda yozma shaklda xabardor qilinadi. Manfaatdor shaxs bunday qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻiga nisbatan soliq toʻlash muddatini oʻzgartirish amalga oshirilmaydi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.