22-modda. Shartli chiqarib yuborilgan tovarlar

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Shaxsning belgilangan talablar va shartlarga rioya etish majburiyatlariga bog'liq tarzda tovarning chiqarib yuborilishi shartli chiqarib yuborish hisoblanadi.

Quyidagilar shartli chiqarib yuborilgan tovarlar deb hisoblanadi:

a) bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha imtiyozlar berilganligi munosabati bilan foydalanilishi va tasarruf etilishi cheklangan tovarlar;

b) boj olinmaydigan savdo, bojxona hududida qayta ishlash, vaqtincha olib kirish, bojxona tranziti bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar;

v) bojxona to'lovlari shartli bojxona qiymatini aniqlash asosida to'langan tovarlar;

g) bojxona to'lovlari davriy bojxona to'lovlari shaklida to'langan tovarlar;

d) zarur hujjatlar (bundan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno) va ma'lumotlar taqdim etilmagan tovarlar;

j) bojxona yuk deklaratsiyasi topshirilguniga qadar chiqarib yuborilgan, shuningdek dastlabki, muvaqqat, to'liq bo'lmagan yoki davriy bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan holda tegishli bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar;

ye) bojxona to'lovlarini kechiktirib yoki bo'lib-bo'lib to'lashga ruxsat berilgan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga muvofiq rasmiylashtirilgan tovarlar.

Mazkur moddaning ikkinchi qismi «a» bandida ko'rsatib o'tilgan shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan faqat bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha imtiyozlar berish shartlariga muvofiq bo'lgan maqsadda foydalanilishi kerak. Mazkur tovarlardan ular shartli chiqarib yuborilgan paytdan e'tiboran uch yil ichida boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, berilgan bojxona imtiyozlari bekor qilinib, bojxona to'lovlarini to'lash majburiyati tiklanadi.

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismi «d» bandida ko'rsatib o'tilgan shartli chiqarib yuborilgan tovarlar uchun taqdim etilmagan muvofiqlik sertifikatini yoki sanitariya-epidemiologiya xulosasini olish talab etilsa, ushbu tovarlardan foydalanish, ularni uchinchi shaxslarga berish, shu jumladan ularni sotish yoki o'zga usulda boshqa shaxsga o'tkazish orqali berish taqiqlanadi, mazkur tovarlarni olib kirishga doir cheklovlar ushbu tovarlarning sifati va xavfsizligi tekshirilishi munosabati bilan belgilangan hollarda esa har qanday shaklda foydalanish (ishlatish) taqiqlanadi.

Tovarlar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, shartli chiqarib yuborishning shartlari bo'yicha majburiyatlar bajarilguniga qadar shartli chiqarilgan hisoblanadi.

Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.