24-modda. Tovarlar va transport vositalari olib kirilishini hamda olib chiqilishini taqiqlash
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Davlat xavfsizligini ta'minlash, jamoat tartibini, inson hayoti va sog'lig'ini saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, milliy va ma'naviy qadriyatlarni saqlab qolish, O'zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlar iste'molchilarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, shuningdek O'zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlarni va (yoki) transport vositalarini O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqish taqiqlanishi mumkin.
Olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar va (yoki) transport vositalari, agar O'zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, ular olib kirilganda — darhol bojxona hududidan tashqariga olib chiqilishi yoxud ular olib chiqilganda — darhol bojxona hududiga qaytarilishi shart.
Tovarni olib chiqish yoki qaytarish, shuningdek yuk operatsiyalari tovarni olib o'tayotgan shaxs yoxud tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar tovar darhol olib chiqilmagan yoki qaytarilmagan bo'lsa, tovar bojxona organi egasi bo'lgan bojxona omboriga yoxud bojxona nazorati zonalariga tovarni olib o'tayotgan shaxs yoki tashuvchi hisobidan vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Bunday tovarni saqlashning eng ko'p muddati, agar qonunchilikda ayrim turdagi tovarlarga nisbatan boshqacha muddat nazarda tutilmagan bo'lsa, uch sutkani tashkil etadi. Ushbu muddat tugagach, mazkur tovarni tasarruf etish davlat daromadiga o'tkazilishi lozim bo'lgan tovarlarga nisbatan qo'llaniladigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.