352¹-modda. Bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzdorlikni umidsiz deb e'tirof etish
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Majburiyatning sud qaroriga ko'ra tugatilganligi oqibatida yoxud qarzdor to'lovga qobiliyatsiz bo'lganligi, tugatilganligi yoki vafot etganligi oqibatida to'lanishi mumkin bo'lmagan bojxona to'lovlari bo'yicha qarzdorlik umidsiz qarz deb hisoblanadi.
Bojxona organlarining qaroriga ko'ra bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzdorlik quyidagi hollarda umidsiz qarz deb e'tirof etiladi:
1) yuridik shaxs tugatilganda — uning bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzining o'z mol-mulki yetarli emasligi va (yoki) qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda ushbu yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan uzish mumkin bo'lmaganligi sababli uzilmay qolgan qismi bo'yicha;
2) yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb e'tirof etilganda — bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzning qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli uzilmay qolgan qismi bo'yicha;
3) jismoniy shaxs vafot etganda yoki jismoniy shaxs vafot etgan deb e'lon qilinganda yoxud jismoniy shaxs bankrot deb topilganda — uning bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzining o'z mol-mulki yetarli emasligi sababli, shu jumladan meros davlat mulkiga o'tgan taqdirda uzilmay qolgan qismi bo'yicha;
4) chet el yuridik shaxsi soliq organidan hisobdan chiqarilganda — uning bojxona to'lovlari bo'yicha qarzdorligining doimiy muassasaning mol-mulki yetarli emasligi hamda O'zbekiston Respublikasining norezidenti bo'lgan yuridik shaxs tomonidan qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda uzish mumkin bo'lmaganligi sababli uzilmay qolgan qismi bo'yicha. Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan mazkur qarzdorlik ushbu chet el yuridik shaxsi soliq organida qaytadan hisobga qo'yilganda tiklanishi lozim.
Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha qarzdorlikni hisobdan chiqarish tartibi va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ro'yxati O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.