353-modda. Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Bojxona to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq to'lanishi lozim bo'lgan summadan oshadigan miqdorda bojxona to'lovlari sifatida to'langan yoki undirilgan pul mablag'larining summalari ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlari summalari hisoblanadi.

Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalari shunday to'lovlar to'langan yoxud undirilgan paytdan e'tiboran uch yil ichida qaytarilishi yoki dastlabki pul mablag'lari hisobiga o'tkazilishi lozim, bundan ushbu moddaning uchinchi va to'rtinchi qismlarida ko'rsatilgan hollar mustasno.

Eng ko'p qulaylik berish rejimi yoki erkin savdo rejimi qo'llanilgan (tiklangan) taqdirda, ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalari ushbu to'lovlar to'langan yoki undirilgan paytdan e'tiboran bir yil ichida, bojxona organiga lozim darajada rasmiylashtirilgan tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikatni taqdim etish sharti bilan qaytarilishi yoxud dastlabki pul mablag'lari hisobiga o'tkazilishi kerak.

Qaytarilishi reeksport va reimport bojxona rejimlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak bo'lgan ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summasini qaytarish ushbu Kodeksning 35 va 59-moddalarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.

Tovarlarni bojxona to'lovlari to'lanishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish sanasi ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlari summalarining to'lanish yoki undirilish paytidir.

Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

to'lovchi tomonidan ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlari summalarini qaytarish to'g'risida ariza berilganda;

bojxona to'lovlari summalarining ortiqcha to'langanligi yoki undirilganligi fakti aniqlanganda.

Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summasi bojxona organlari tomonidan quyidagi hollarda qaytarilmaydi, agar:

uni qaytarish to'g'risidagi ariza ushbu moddaning ikkinchi — to'rtinchi qismlarida belgilangan tegishli muddatlar tugaganidan keyin berilgan bo'lsa;

uning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizidan oshmasa.

Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.