РусскийEnglish

168-modda. Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarining bojxona ko'zdan kechiruvi hamda bojxona ko'rigi

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari bojxona ko'zdan kechiruvini hamda bojxona ko'rigini o'tkazish uchun bojxona organlariga xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarini taqdim etadi.

Bojxona organlariga bojxona ko'zdan kechiruvi va bojxona ko'rigi uchun xatlar, pochta kartochkalari va sekogrammalar taqdim etilmaydi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar mavjud deb hisoblash uchun bojxona organlarida yetarli asoslar mavjudligi hollari mustasno.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmasi bojxona ko'rigidan o'tkazilayotganda uning miqdorida farqlar, joylanmalarida nomuvofiqliklar hamda bojxona to'g'risidagi qonunchilik buzilishining boshqa hollari aniqlangan taqdirda pochta aloqasi operatorining yoki provayderining xodimi bojxona organining mansabdor shaxsi bilan birgalikda bojxona ko'rigi dalolatnomasini imzolaydi.

Xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalarida yuboriladigan tovarlarning bojxona ko'zdan kechiruvi yoki bojxona ko'rigi o'tkazilayotganda bojxona organlari bojxona nazoratining texnik vositalaridan foydalanadi.

Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.