РусскийEnglish

234-modda. Guvohnomaga qaydlar kiritish tartib-taomili

Agar xalqaro yuk tashishni amalga oshirayotgan, bunga ruxsat etilgan avtotransport vositasida jiddiy nosozliklar aniqlansa, bojxona organlari avtotransport vositasining harakatlanishini davom ettirishni taqiqlab qo'yishi yoxud nazorat bo'yicha zarur choralar ko'rib, avtotransport vositasining yurishda davom ettirishiga ruxsat berishi mumkin.

Ruxsat etilgan avtotransport vositasi mumkin qadar qisqa vaqtda va undan yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida tashish uchun qayta foydalanilguniga qadar qoniqarli holatga keltirilishi kerak.

Avtotransport vositasi ta'mirlash natijasida tashishga ruxsat etish shartlariga mos keladigan holatga keltirilganidan so'ng u guvohnomaning amal qilishini tiklaydigan bojxona organiga taqdim etilishi kerak.

Jiddiy nosozliklar aniqlangan avtotransport vositasidan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilanganidek, tegishli ta'mirlash o'tkazilmaguniga qadar yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida tashish uchun yana foydalanilishi mumkin emas.

Guvohnomaga kiritilgan har bir qayd uning kiritilish sanasi qo'yilgan holda, ushbu qaydni kiritgan bojxona organi mansabdor shaxsining imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi kerak.

Agar avtotransport vositasida bojxona organlarining fikricha jiddiy xususiyatga ega bo'lmagan va bojxona to'g'risidagi qonunchilik buzilishiga imkon yaratmaydigan nosozliklar bo'lsa, bu transport vositasidan keyinchalik yuklarni tashish uchun foydalanishga ruxsat etilishi mumkin. Guvohnomaning egasi bo'lgan arizachi mazkur nosozliklar to'g'risida xabardor qilinadi va u o'zining avtotransport vositasini tegishli tarzda ta'mirlashi kerak.

Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.