253-modda. Deklaratsiyalash joyi
Tovarlarga doir bojxona deklaratsiyasi bojxona deklaratsiyasini qabul qilib olish vakolatiga ega bo'lgan istalgan bojxona organiga taqdim etilishi mumkin.
Bojxona to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tovarlarning va (yoki) transport vositalarining ayrim toifalarini deklaratsiyalash quyidagilarga bog'liq holda faqat muayyan bojxona organlarida amalga oshirilishi kerakligini belgilaydi:
madaniy boyliklarning, qurol-yarog'ning, harbiy texnikaning va o'q-dorilarning, radioaktiv materiallarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun maxsus asbob-uskunalar va (yoki) maxsus bilimlar qo'llanilishi zarurligiga;
tovarlarni xalqaro tashish uchun foydalaniladigan transportning turiga (avtomobil, havo, temir yo'l, daryo, quvur transporti va elektr uzatish liniyalari);
bojxona to'g'risidagi qonunchilikning bir necha marta buzilishi hollari qayd etilgan yoki iqtisodiy siyosat choralari belgilangan tovarlarning alohida turlariga;
tarkibida intellektual mulk ob'yektlari bo'lgan tovarlarga.
Tovarlarni tashiyotgan transport vositalari tovarlar bilan bir vaqtda deklaratsiyalanadi.
Yuksiz transport vositalari va yo'lovchilarni tashiyotgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib o'tayotganda deklaratsiyalanadi.
Daryo va havo kemalari bojxona hududiga kelish joyidagi daryo portida yoki aeroportda yoxud bojxona hududidan ketish joyidagi daryo portida yoki aeroportda deklaratsiyalanadi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.