292-modda. Boj tarifi. Bojxona bojlari qo'llanilayotgandagi tarif kvotalari
Boj tarifi bojxona chegarasi orqali olib o'tiladigan O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tizimlashtirilgan tovarlarga nisbatan qo'llaniladigan bojxona bojlari stavkalarining jamlanmasidir.
Tashqi savdo siyosatini amalga oshirishda tovarlarning ayrim turlari uchun tarif kvotalari joriy etilishi mumkin.
Tarif kvotasi muayyan davrda tovarning muayyan miqdorini olib kirish va olib chiqishda bojxona bojining boj tarifiga muvofiq qo'llaniladigan stavkasiga nisbatan pastroq bojxona boji stavkalari qo'llanilishini nazarda tutuvchi, tovarlarni bojxona hududiga olib kirish va undan olib chiqishda boj tarifini tartibga soluvchi choradir.
Belgilangan miqdordan (kvotadan) ortiq miqdorda bojxona hududiga olib kiriladigan va bu hududdan olib chiqiladigan tovarlarga bojxona bojining boj tarifiga muvofiq stavkasi qo'llaniladi.
Tarif kvotalari, ularni tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o'rtasida taqsimlash usullari va tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.