303-modda. Olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymatiga oid usul
Olib kiriladigan tovarga doir bitim qiymatiga oid usul olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini bitim qiymati bo'yicha, ya'ni olib kirilayotgan tovar bojxona chegarasini kesib o'tayotgan paytda tovar uchun amalda to'langan yoki to'lanishi lozim bo'lgan, ushbu Kodeksning 304 va 305-moddalari qoidalari hisobga olingan holda tuzatilgan narx bo'yicha aniqlashni nazarda tutadi.
Olib kiriladigan tovarlar uchun sotib oluvchi tomonidan bevosita sotuvchiga yoki sotuvchining foydasi uchun boshqa shaxsga to'langan yoki to'lanishi lozim bo'lgan barcha to'lovlarning umumiy summasi bunday tovarlar uchun amalda to'langan yoki to'lanishi lozim bo'lgan narx deb hisoblanadi. Bunda to'lovlar O'zbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan har qanday shaklda bevosita yoki bilvosita amalga oshirilishi mumkin.
Bir bitim doirasida ko'p miqdorda sotib olingan tovarlarning bir qismini deklaratsiyalashda bunday tovarlar uchun amalda to'langan yoki to'lanishi lozim bo'lgan narx deklaratsiyalanadigan tovarlarning miqdori va sotib olingan tovarlarning umumiy miqdori bilan teng nisbatda aniqlanadi.
Rasmiy matn — lex.uz dagi kirill yozuvidagi matn; bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun, amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring.