12-modda. Oilaviy korxonaning huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona quyidagi huquqlarga ega:
mustaqil ravishda tovarlar ishlab chiqarishga (ishlar bajarishga, xizmatlar ko‘rsatishga) doir faoliyatni tashkil etish, ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tasarruf etish va ularga narx belgilash;
mustaqil ravishda o‘z moliyaviy mablag‘larini shakllantirish va qarz mablag‘larini jalb etish, shu jumladan dastlabki (boshlang‘ich) kapitalni shakllantirish uchun kreditlar olish;
lizing va sug‘urta xizmatlaridan foydalanish;
shartnomalar tuzish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish va realizatsiya qilish uchun shartnomalar tuzish;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
o‘z firma nomi yozilgan muhrlardan, blankalardan va shtamplardan foydalanish hamda tovar belgisiga (xizmat ko‘rsatish belgisiga) ega bo‘lish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Oilaviy korxona:
tuzilgan shartnomalar bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarishi;
oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorini belgilashi, ular bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilishi, shuningdek ish beruvchi sifatida o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilishi;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi;
mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
realizatsiya qilinadigan mahsulot va xizmatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lishi;
joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi haqida tegishli davlat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi shart.
Oilaviy korxona qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
Rasmiy matn lex.uz da; amaldagi tahririni o'sha yerda tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.