4-modda. Oilaviy korxona
Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) va realizatsiya qilishni amalga oshirish uchun ixtiyoriy asosda, oilaviy korxona ishtirokchilarining ulushli yoki birgalikdagi mulkida bo‘lgan umumiy mol-mulk, shuningdek oilaviy korxona ishtirokchilaridan har birining mol-mulki negizida tashkil etiladigan kichik tadbirkorlik subyektidir. Oilaviy korxona faoliyati uning ishtirokchilarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Oilaviy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllaridan biridir.
Oilaviy korxona faoliyatni faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirishi mumkin. Oilaviy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘lishi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Oilaviy korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha qonunga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari korxona mol-mulki yetarli bo‘lmaganda oilaviy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi.
Oilaviy korxona qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarni yollashni amalga oshirishi mumkin.
Oilaviy korxona ishtirokchilarining va uning yollanma xodimlarining umumiy soni kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan o‘rtacha yillik sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining eng kam soni ikki kishidan oz bo‘lmasligi kerak.
Oilaviy korxona to‘liq firma nomiga ega bo‘lishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishga haqli. Oilaviy korxonaning to‘liq firma nomi uning to‘liq nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni yoki “OK” abbreviaturasini o‘z ichiga olishi kerak.
Rasmiy matn lex.uz da; amaldagi tahririni o'sha yerda tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.