РусскийEnglish

104-modda. Ortiqcha toʻlangan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi

Soliq boʻyicha qarzini qoplash hisobiga soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan summani ushbu Kodeksning 103-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hisobga olish soliq organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Ortiqcha toʻlangan soliq summasini soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror soliq organi tomonidan soliqning ortiqcha toʻlanganligi fakti aniqlagan kundan eʼtiboran yoki agar soliq organi va soliq toʻlovchi tomonidan u toʻlagan soliqlarni birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilgan boʻlsa, bunday birgalikdagi solishtirish dalolatnomasi soliq organi va soliq toʻlovchi tomonidan imzolangan kundan eʼtiboran yoxud sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida qabul qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoida soliq toʻlovchiga oʻzi ortiqcha toʻlagan soliq summasini uning soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish toʻgʻrisida soliq organiga yozma ariza taqdim etishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday ariza mavjud boʻlgan taqdirda soliq organining ortiqcha toʻlangan soliq summasini soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olish toʻgʻrisidagi qarori soliq toʻlovchining arizasi olingan kundan eʼtiboran yoki, agar birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilgan boʻlsa, soliq organi soliq toʻlovchi bilan u toʻlagan soliqlarni birgalikda oʻzaro solishtirish dalolatnomasini imzolagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida qabul qilinadi.

Ortiqcha toʻlangan soliq summasi soliq toʻlovchiga ushbu Kodeksning 103-moddasi qoidalari inobatga olingan holda, uning yozma arizasiga koʻra, bunday ariza soliq organi tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) uch kun ichida qaytarilishi lozim (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno).

(104-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi OʻRQ-1000-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2024-y., 03/24/1000/0928-son)

Ortiqcha toʻlangan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi ariza, agar soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻrsatilgan summa toʻlangan kundan eʼtiboran uch yil ichida berilishi mumkin.

(104-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarish toʻgʻrisidagi qaror soliq organi tomonidan soliq toʻlovchining tegishli arizasi olingan kundan eʼtiboran yoki, agar birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilgan boʻlsa, soliq organi soliq toʻlovchi bilan u toʻlagan soliqlarning birgalikdagi oʻzaro solishtirish dalolatnomasini imzolagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) ikki kun ichida qabul qilinadi (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno).

(104-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi OʻRQ-1000-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2024-y., 03/24/1000/0928-son)

Ushbu moddaning sakkizinchi qismida koʻrsatilgan muddat oʻtgunga qadar soliq organining tegishli summani qaytarish toʻgʻrisidagi qarori asosida rasmiylashtirilgan ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarishga doir topshiriqnoma soliq organi tomonidan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq soliq toʻlovchiga qaytarib berishni amalga oshirish uchun gʻaznachilikka yuboriladi.

(104-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq organi ortiqcha toʻlangan soliq summasini hisobga olishni yoki qaytarishni rad etish toʻgʻrisidagi qabul qilingan qaror haqida soliq toʻlovchiga bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida xabar qilishi shart. Agar ortiqcha toʻlangan soliq summasini soliq toʻlovchiga qaytarish ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddat buzilgan holda amalga oshirilsa, belgilangan muddatda qaytarilmagan summa uchun soliq toʻlovchiga qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun foizlar hisoblanadi. Hisoblangan foizlar tegishli budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Foiz stavkasi qaytarish muddati buzilgan kunlarda amal qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.

Yanglishib toʻlangan soliq summalari, shuningdek penyalar va (yoki) jarimalar soliq toʻlovchiga uning yoxud bankning yoki Oʻzbekiston Respublikasi Gʻaznachiligining yozma murojaati asosida, agar xatolik ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, qaytariladi.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻining ortiqcha toʻlangan summalari shu konsolidatsiyalashgan guruhning masʼul ishtirokchisiga ushbu moddada belgilangan tartibda hisobga olinishi (qaytarilishi) lozim.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilishi tugagan taqdirda, soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha ortiqcha toʻlangan foyda soligʻining ushbu konsolidatsiyalashgan guruh boʻyicha mavjud boʻlgan soliq qarzi hisobiga hisobga olinmaydigan va (yoki) hisobga olinmagan summalari shu soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi boʻlgan yuridik shaxsga uning yozma arizasiga binoan hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.