113-modda. Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorlarning banklar tomonidan bajarilishi tartibi
Soliq organining soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori bank tomonidan soʻzsiz bajarilishi lozim.
Soliq organining qaroriga koʻra hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar toʻxtatib turilishi oqibatida soliq toʻlovchi (soliq agenti) koʻrgan zarar uchun bank javobgar boʻlmaydi.
Agar ushbu Kodeksning 111-moddasi birinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish bank soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida soliq organining qarorini olgan kundan eʼtiboran, to soliq organining ushbu toʻxtatib turishni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori olinadigan kunga qadar amal qiladi.
Soliq toʻlovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror bankka elektron shaklda yuborilganda bank ushbu qarorni olgan sana va vaqt Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda belgilanadi.
(113-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
Agar soliq toʻlovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng soliq toʻlovchining (soliq agentining) nomi va (yoki) uning soliq organining ushbu qaroriga muvofiq operatsiyalar toʻxtatib turilgan bankdagi hisobvaragʻi rekvizitlari oʻzgarsa, mazkur qaror bank tomonidan oʻz nomini oʻzgartirgan soliq toʻlovchiga (soliq agentiga) va rekvizitlari oʻzgartirilgan hisobvaraqqa nisbatan ijro etilishi shart.
Soliq toʻlovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida soliq organi yoki sudning qarorini olganidan keyin banklar ushbu soliq toʻlovchiga (soliq agentiga) yangi hisobvaraqlar, omonatlar va depozitlar ochishga haqli emas, bundan qonunchilikka muvofiq undiruv yoʻl qoʻyilmaydigan hisobvaraqlar mustasno.
(113-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.