127-modda. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami
Hisobga olishda har bir soliq toʻlovchiga Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona boʻlgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami beriladi va uning hisob maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritiladi.
Adliya organlarida hisobga qoʻyilgan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalariga va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami ularning ixtiyoriga koʻra beriladi.
(127-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 13-avgustdagi OʻRQ-942-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2024-y., 03/24/942/0612-son)
Ushbu Kodeks 126-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami hisoblanadi.
(127-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
Soliq toʻlovchiga identifikatsiya raqamini berish, qoʻllash hamda uni oʻzgartirish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Soliq organi soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini unga yuboriladigan barcha hujjatlarda koʻrsatadi.
Har bir soliq toʻlovchi oʻzining soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini soliq hisobotlarida, soliq organiga taqdim etiladigan arizalar va boshqa hujjatlarda, shuningdek, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda koʻrsatadi.
(127-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami quyidagi hujjatlarda majburiy koʻrsatiladi:
faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarda;
yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan tuziladigan xoʻjalik, fuqarolik-huquqiy va mehnat shartnomalarida;
yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan bitimlar tuzilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan hisobvaraq-fakturalarda va tovar-kuzatuv hujjatlarida;
pul, hisob-kitob va toʻlov hujjatlarida;
qonunchilikda belgilangan hollarda boshqa hujjatlarda.
(127-modda beshinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.