159-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilish
Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ushbu Kodeksning 158-moddasida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari), agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa quyidagilarni nazarda tutuvchi qarorni (bundan buyon matnda soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror deb yuritiladi) qabul qiladi:
(159-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
1) soliqlar va penyalar qoʻshib hisoblash yoki buni rad etish;
(159-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
2) soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish yoki buni rad etish.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari mazkur holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa maʼlumotlarga, oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs tomonidan oʻz himoyasi uchun keltiriladigan vajlarga hamda ushbu vajlarni tekshirish natijalariga havola qilgan holda, oʻtkazilgan soliq tekshiruvida qanday belgilangan boʻlsa, shunday bayon etiladi.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu Kodeksning shu huquqbuzarliklarni nazarda tutuvchi moddalari va qoʻllaniladigan javobgarlik choralari koʻrsatiladi.
Soliqlarni qoʻshib hisoblashni nazarda tutuvchi qarorda, agar soliqlarga oid qarzdorlik tekshiruv jarayonida aniqlangan boʻlsa, soliqlarga oid aniqlangan ushbu qarzdorlik miqdori va tegishli penyalar summasi koʻrsatiladi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishni rad etishni nazarda tutuvchi qarorda bunday rad etish uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi.
Soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qarorda oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs ushbu qaror ustidan qaysi muddat ichida shikoyat qilishga haqli boʻlsa, oʻsha muddat va qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish tartibi koʻrsatiladi.
(159-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-fevraldagi OʻRQ-910-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 03/24/910/0140-son)
Agar soliq auditi jarayonida soliq organining qarori asosida ortiqcha qaytarilgan soliq summasi aniqlangan boʻlsa, soliqlar summalarini qoʻshib hisoblash toʻgʻrisidagi qarorda mazkur summa ushbu soliq boʻyicha soliq qarzi deb eʼtirof etiladi. Ushbu soliq summasi soliq toʻlovchiga qaytarilgan taqdirda, u mablagʻlarni haqiqatda olgan kundan eʼtiboran, soliq summasi hisobga oʻtkazishga qabul qilingan taqdirda esa — ushbu soliq summasi hisobga olishga qabul qilingan kundan eʼtiboran ushbu summa soliq qarzi deb eʼtirof etiladi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror qabul qilinganidan keyin soliq organining rahbari (rahbari oʻrinbosari) ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda ushbu qarorning ijrosi uchun taʼminlash choralarini koʻrishga haqli.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.