172-modda. Soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish
Soliq monitoringi quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi:
1) axborotga doir hamkorlik reglamenti yuridik shaxs tomonidan ijro etilmaganda, agar bunday ijro etmaslik soliq monitoringini oʻtkazish uchun toʻsiq boʻlgan boʻlsa;
2) soliq organi tomonidan soliq monitoringini oʻtkazish chogʻida yuridik shaxs tomonidan ishonchli boʻlmagan axborot taqdim etilganligi fakti aniqlanganda;
3) soliq monitoringini oʻtkazish jarayonida ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan tartibda hujjatlar (axborot), tushuntirishlar soliq organiga muntazam ravishda (ikki marta va undan ortiq) taqdim etilmaganda.
Soliq organi ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida, lekin soliq monitoringi oʻtkazilayotgan davrdan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay yuridik shaxsni soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.