РусскийEnglish

232-modda. Soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha qabul qilingan soliq organlarining qarorlari ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat berish tartibi va muddatlari

(232-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 20-fevraldagi OʻRQ-910-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 03/24/910/0140-son)

Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi soliq organiga qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi orqali beriladi.

Qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi bunday ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida uni yuqori turuvchi soliq organiga barcha materiallar bilan birga yuborishi shart.

Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat shaxs oʻz huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin.

Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddat uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, ushbu muddat shikoyat berayotgan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha yuqori turuvchi soliq organi tomonidan tiklanishi mumkin.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.