РусскийEnglish

243-modda. Soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma

Agar ushbu Kodeksning 260-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi:

1) maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga qarash boʻyicha xizmatlarni;

(243-modda birinchi qismining birinchi bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)

2) bemorlar va keksalarni parvarish qilish boʻyicha xizmatlarni;

3) dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim xizmatlarini, diniy ashyolarni, diniy tashkilotlar hamda birlashmalar tomonidan udumlarni va marosimlarni oʻtkazishga doir xizmatlarni;

4) protez-ortopediya buyumlarini, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun inventarni, shu jumladan ushbu buyumlar va inventarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinadigan buyumlar va inventarni, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ortopedik protezlash, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan protez-ortopediya buyumlarini va inventarni taʼmirlash hamda ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarni;

(243-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

5) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalarining mahsulotlarini ushbu muassasalar tomonidan realizatsiya qilish;

6) ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlgan hamda nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan ishlab chiqarilgan tovarlarni, koʻrsatilgan xizmatlarni;

(243-modda birinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1131-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1131/0377-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-iyul)

(243-modda birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)

8) pensiyalar va nafaqalar toʻlashga doir xizmatlarni;

(243-modda birinchi qismining 9-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)

10) oʻqitish (taʼlim) sohasidagi xizmatlarni, shu jumladan test sinovlari va imtihonlar oʻtkazishni tashkil etish xizmatlarini, xususan:

boshlangʻich, oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasidagi taʼlim xizmatlarini;

(243-modda birinchi qismi 10-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi OʻRQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)

taʼlim muassasalari (tashkilotlari), shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradigan tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha taʼlim berish boʻyicha xizmatlarni;

maktabgacha taʼlim va tarbiya dasturlari doirasida taʼlim va tarbiyalash faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda bolalarga qarash va ularni parvarishlash boʻyicha xizmatlarni, toʻgaraklarda, seksiyalarda (shu jumladan sport seksiyalarida) va studiyalarda voyaga yetmagan bolalar bilan mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni;

(243-modda birinchi qismining 11-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son)

(243-modda birinchi qismining 12-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son)

(243-modda birinchi qismining 13-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son)

14) sanatoriy-kurort, sogʻlomlashtirish xizmatlarini, shuningdek budjet tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni. Ushbu bandning maqsadida:

(243-modda birinchi qismi 14-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

a) sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish xizmatlari jumlasiga sanatoriylar, shifoxonalar, profilaktoriylar, kurortlar, pansionatlar, dam olish uylari va zonalari, bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida koʻrsatiladigan, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan koʻrsatilishidan qatʼi nazar, yoʻllanmalar yoki joysiz davolanish uchun beriladigan hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xizmatlar kiradi;

b) budjet tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya va sport xizmatlari jumlasiga, xususan, sport inshootlarida, maktablarda, klublarda sport turlari boʻyicha oʻquv guruhlari hamda jamoalarida sogʻlomlashtirish yoʻnalishidagi jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini oʻtkazishga oid xizmatlar, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari, sport musobaqalarini yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlar, shuningdek mazkur tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish kiradi;

(243-modda birinchi qismi 14-bandining “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 243-modda birinchi qismi 15-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-iyul — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son.)

16) uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash yuzasidan aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar. Uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash yuzasidan koʻrsatiladigan xizmatlar jumlasiga lift xoʻjaliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari va boʻlimlari, uy-joy fondidan foydalanish, uni saqlash va taʼmirlash boshqarmalari hamda boʻlimlarining bevosita aholi tomonidan haq toʻlanadigan xizmatlari, shu jumladan ushbu xizmatlarga uy-joy mulkdorlari shirkatlari orqali haq toʻlash kiradi;

(243-modda birinchi qismining 16-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustdagi OʻRQ-708-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son)

161) boshqaruvchi tashkilotlar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar;

(243-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-773-sonli Qonuniga asosan 161-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/773/0461-son)

17) tovarlarni (xizmatlarni), agar tovarlarni berish (xizmatlar koʻrsatish) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bepul amalga oshirilsa;

18) qimmatbaho metallardan ishlangan bank va oʻlchovli quymalarini, qimmatbaho metallardan ishlangan quyma (investitsiya) tangalarni (numizmatika maqsadlari uchun foydalaniladigan tangalardan, shuningdek qimmatbaho metallardan ishlangan chet el tangalaridan tashqari), qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning oʻlchov plastinalari va granulalarini, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni;

(243-modda birinchi qismining 18-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

19) bojsiz savdo bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni;

20) yuridik va jismoniy shaxslarga muayyan huquqlar berilganda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va vakolatli organlar, tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni, agar bunday xizmatlar koʻrsatish shart ekanligi qonunchilikda belgilangan boʻlsa, faoliyatning muayyan sohasida ushbu organlar va tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan alohida vakolatlarni bajarish doirasida davlat boji yoki boshqa toʻlovlar undiriladi;

(243-modda birinchi qismining 20-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

21) budjet mablagʻlari hisobidan bajariladigan yer-kadastr, yer tuzish, tuproqqa oid va geobotanika ishlarini;

(243-modda birinchi qismining 22-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)

23) xalqaro moliyaviy institutlarning qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olinadigan tovarlarni (xizmatlarni), agar ularni soliqdan ozod etish qonunda nazarda tutilgan boʻlsa;

(243-modda birinchi qismining 23-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

(243-modda birinchi qismining 24-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-iyuldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)

25) telekommunikatsiya tarmoqlarida operativ-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari, shuningdek mazkur vositalardan foydalanishga hamda ularga xizmat koʻrsatishga doir xizmatlar;

26) metsenatlik koʻmagi tarzida beriladigan (koʻrsatiladigan) tovarlarni (xizmatlarni);

261) davlat mol-mulkini, shu jumladan mulk huquqi asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini;

(243-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 261-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

27) ushbu Kodeksning 244-moddasida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlarni;

28) ushbu Kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan hayotni sugʻurta qilish xizmatlarini va boshqa sugʻurta xizmatlarini.

Ushbu moddada sanab oʻtilgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanma soliq toʻlovchilarda bunday faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalar va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, agar uning amalga oshirilishini litsenziyalash lozim boʻlsa yoki ruxsat etuvchi hujjatlar talab etsa, qonunchilikka muvofiq soliq solishdan ozod etiladi.

(243-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq solinadigan aylanmalarni va ushbu moddaning qoidalariga muvofiq soliq solishdan ozod etiladigan aylanmalarni amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksning 268-moddasiga muvofiq aylanmalarning alohida hisobini yuritishi shart.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.