246-modda. Soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish
Quyidagilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish soliq solishdan ozod etiladi:
1) jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirishning bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda tasdiqlangan normalari doirasida olib kirilayotgan tovarlar;
(246-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda insonparvarlik yordami sifatida olib kirilayotgan tovarlar;
3) davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda — boshqa tashkilotlar va shaxslar yoʻnalishlari boʻyicha xayriya yordami maqsadlarida, shu jumladan texnik yordam koʻrsatish (grantlar) uchun olib kiriladigan tovarlar;
(246-moddaning 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
4) chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek ushbu vakolatxonalarning diplomatik va maʼmuriy-texnik xodimlari, shu jumladan ularning oʻzlari bilan birga yashayotgan oila aʼzolari shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlar;
5) qonunchilikka muvofiq alohida qimmatga ega madaniy meros obyektlari jamoasiga kiritilgan, davlat madaniyat muassasalari tomonidan olingan yoki ular tomonidan sovgʻaga olingan madaniy qimmatliklar. Ushbu soliq solishdan ozod etish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining tegishli tasdiqnomasi mavjud boʻlgan taqdirda qoʻllaniladi;
(246-moddaning 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
6) oʻxshashi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalar;
7) xalqaro kitob almashinuvi boʻyicha davlat kutubxonalari va muzeylari tomonidan olinadigan bosma nashrlarning barcha turlari, shuningdek xalqaro notijorat almashinuvini amalga oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan kinematografiya asarlari;
8) milliy valyuta va chet el valyutasi, qonuniy toʻlov vositalari boʻlgan banknotlar (bundan kolleksiyalash uchun moʻljallanganlari mustasno), shuningdek qimmatli qogʻozlar;
9) xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olib kiriladigan tovarlar, agar ular olib kirilayotganda soliqdan ozod etilishi qonunda nazarda tutilgan boʻlsa;
(246-moddaning 9-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
10) maxsus vakolatli davlat organining yozma shakldagi tasdigʻi mavjud boʻlgan taqdirda, telekommunikatsiyalar operatorlari va tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalarini sertifikatlashtirish boʻyicha maxsus organ tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari;
(246-moddaning 10-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-noyabrdagi OʻRQ-992-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2024-y., 03/24/992/0895-son)
101) maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari.
(246-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-noyabrdagi OʻRQ-992-sonli Qonuniga asosan 101-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2024-y., 03/24/992/0895-son)
(246-moddaning 11-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan 2024-yil 1-apreldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.