РусскийEnglish

260-modda. Eksport operatsiyalariga va ularga tenglashtirilgan operatsiyalarga soliq solish

Nol darajali stavka boʻyicha soliq solish quyidagilar realizatsiya qilinganda amalga oshiriladi:

1) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan eksport bojxona tartib-taomiliga olib chiqilgan tovarlar;

2) ilgari Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilgan tovarlar va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan bojxona hududida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash natijasida olingan (hosil boʻlgan) tovarlar (qayta ishlash mahsulotlari, chiqindilar va (yoki) qoldiqlar);

3) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilgan gʻamlab qoʻyilgan narsalar. Ushbu modda maqsadida havo kemalaridan risoladagidek foydalanilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallari gʻamlab qoʻyilgan narsalar deb eʼtirof etiladi;

4) chet eldan keltirilgan tovarlarni tashish chogʻida bojxona tranziti bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni bevosita Oʻzbekiston Respublikasi hududiga yetib kelish joyidagi bojxona organidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketish joyidagi bojxona organigacha tashish yoxud transportda tashish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlar;

5) xalqaro tashishlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlar.

Nol darajali stavkani ayrim hollarda qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 264-moddasida belgilangan.

Nol darajali stavkani qoʻllash huquqini tasdiqlovchi hujjatlar soliq hisoboti bilan birga taqdim etiladi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.