298-modda. Amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromadlar (zararlar)
Ushbu moddaga muvofiq aniqlanadigan, chiqib ketishdan olinadigan moliyaviy natija amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromad (zarar) deb eʼtirof etiladi.
Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromaddan uning qoldiq qiymatini chegirib tashlash orqali aniqlanadi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning qoldiq qiymati ushbu Kodeks 306-moddasining yigirma beshinchi va yigirma oltinchi qismlariga hamda 307-moddasining yettinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.
(298-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda bunday aktiv boʻyicha 2021-yilning 1-yanvar holatiga koʻra toʻplangan qoʻshimcha baholash summasi (ilgari qayta baholangan narxini oshirish summasining oldingi narxni pasaytirish summasidan ortiq summalari) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromad tarkibiga kiritiladi.
Boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. Mazkur qismning qoidalari ushbu Kodeksning 45-bobiga muvofiq soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutiladigan mol-mulkning chiqib ketish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(298-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.