336-modda. Operatsiyalarning ayrim turlari boʻyicha zararlarni oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
Yuridik shaxsning mol-mulk majmui sifatidagi korxonani ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish ulushini realizatsiya qilishdan yoki uning boshqacha tarzda chiqib ketishidan koʻrilgan zarar realizatsiya qilingan (chiqib ketgan) aktivlarga aynan oʻxshash aktivlarni realizatsiya qilishdan (ularning chiqib ketishidan) olingan daromadlar hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Ishonchli boshqaruv shartnomasi boʻyicha koʻrilgan zararlar ishonchli boshqaruv muassisining soliq bazasini belgilashda hisobga olinmaydi. Bunday zararlar ushbu ishonchli boshqaruvning kelgusidagi daromadlariga oʻtkaziladi.
Oddiy shirkat shartnomasida (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomada) ishtirok etishdan sheriklarning (ishtirokchilarning) olgan zarari ishonchli shaxsda ushbu oddiy shirkat oladigan kelgusi daromadlarga oʻtkaziladi.
Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan koʻrilgan zararlar birgalikda aniqlanadi va tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan soliq bazasini aniqlashda hisobga olinmaydi. Bunday zararlar shu xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan kelgusi daromadlarga oʻtkaziladi.
Muomalada boʻlmagan qimmatli qogʻozlar va muddatli bitimlarning muomalada boʻlmagan moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha zararlar alohida aniqlanadi va xuddi shunday operatsiyalardan olingan daromadlar hisobidan har bir soliq bazasi doirasida kompensatsiya qilinadi.
(336-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.