359-modda. Soliq solinadigan daromadlarni va chegiriladigan xarajatlarni hisobga olishning oʻziga xos xususiyatlari
Soliq davrida yakka tartibdagi tadbirkorlar, agar mazkur Kodeksning ushbu moddasida va 360-moddasining sakkizinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda soliq solinadigan daromadlarning va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritishi shart.
Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida soliq solinadigan daromadlarning hamda amalga oshirilgan tovar operatsiyalarining hisobini yuritishi shart.
Quyidagilar soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlaridir:
1) chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning soliq solinadigan daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish kitobi;
2) tovar cheklari kitobi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorning arizasi asosida yakka tartibdagi tadbirkor soliq hisobida turgan joydagi soliq organlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran uch yil mobaynida saqlanadi hamda ularga raqamlar qoʻyilgan, ip oʻtkazib bogʻlangan va tegishli soliq organining muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
(359-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.