412-modda. Soliq bazasi
Quyidagilar soliq bazasidir:
1) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — oʻrtacha yillik qoldiq qiymati.
Koʻchmas mulkning qoldiq qiymati ushbu mol-mulkning boshlangʻich (tiklanish) qiymati bilan soliq toʻlovchining hisob siyosatida belgilangan usullardan foydalanilgan holda hisoblab chiqilgan amortizatsiya miqdori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan obyektlarga nisbatan soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatdan past boʻlishi mumkin emas:
Toshkent shahrida — uch million besh yuz oʻttiz ming soʻm;
Nukus shahrida va viloyat markazlarida — ikki million uch yuz ellik ming soʻm;
boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — bir million uch yuz toʻqson ming soʻm;
(412-modda birinchi qismi 1-bandining toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatga tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 gacha boʻlgan kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritishi mumkin.
Agar obyektning 1 kv. metri qiymati ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatdan past boʻlsa, soliq toʻlovchi koʻchmas mulk obyektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari, shu jumladan soliq toʻlovchi tomonidan oʻtgan ikki yilda oʻtkazilgan mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida eʼtirof etiladi.
(412-modda birinchi qismi 1-bandining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi OʻRQ-785-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu xatboshining qoidalari 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Ushbu bandda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan koʻchmas mulk obyektlari qonunchilikda belgilanadi.
(412-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi OʻRQ-785-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu xatboshining qoidalari 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
2) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — tugallanmagan qurilishning oʻrtacha yillik qiymati;
3) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida belgilangan obyektlar boʻyicha — mazkur obyektlarning oʻrtacha yillik qiymati (realizatsiya qilinmagan qismi boʻyicha);
4) davlat koʻchmas mulk obyektini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorga mol-mulk soligʻi, agar mazkur obyekt uchun unga “tasarruf etish huquqisiz” belgisini qoʻygan holda davlat orderi berilgan boʻlsa, obyektning xaridor tomonidan mazkur obyekt boʻyicha sotib olish toʻlovlarining toʻlangan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng oʻrtacha yillik qoldiq qiymati.
Bunda soliqlar davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha sotib olish toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash grafigiga amal qilgan holda undiriladi. Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qoʻmitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
(412-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17 martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuniga asosan 4-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan soliq bazasi ushbu mol-mulkning oʻrtacha yillik qiymatidir.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.