РусскийEnglish

428-modda. Soliq imtiyozlari

(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 428-modda birinchi qismining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son)

Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga quyidagi yerlar kiradi:

madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort obyektlari band qilgan yerlar mustasno) va ijtimoiy taʼminot obyektlari egallagan yerlar;

(428-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

sport va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish majmualari, oʻquv-mashq bazalari va bolalar-sogʻlomlashtirish oromgohlari egallagan yerlar;

(428-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

shahar elektr transporti yoʻllari va metropoliten liniyalari, shu jumladan jamoat transporti bekatlari va metropoliten stansiyalari hamda ularning inshootlari egallagan yerlar;

aholi punktlarining suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish inshootlari (magistral suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari, oqova suvlarni chiqarib yuborish kollektorlari va ularning inshootlari, nasos stansiyalari, suv olish va tozalash inshootlari, vodoprovod va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlaridagi kuzatish quduqlari va dyukerlari, suv bosimi hosil qiladigan minoralar hamda shunga oʻxshash inshootlar egallagan yerlar);

(428-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi OʻRQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)

magistral issiqlik trassalari, shu jumladan nasos (koʻpaytiruvchi, kamaytiruvchi, aralashtiruvchi, drenaj) stansiyalari, issiq suv taʼminotining issiqlikni hisobga olish va nazorat qilish asboblari, isitkichlari, sirkulyatsiya nasoslari hamda shunga oʻxshash inshootlar egallagan yerlar;

ihota oʻrmon daraxtzorlari egallagan yerlar. Ihota oʻrmon daraxtzorlari jumlasiga quyidagilar kiradi: oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalari; oʻrmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari; eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlar; oʻrmonlarning temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari yoqalab oʻtgan ihota mintaqalari; choʻl va chala choʻl zonalaridagi oʻrmonlar; shahar oʻrmonlari va oʻrmon-bogʻlari; shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining koʻkalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi oʻrmonlar; suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlar; kurort tabiiy hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish tegrasidagi oʻrmonlar; alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlar; ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻrmonlar;

suvni tejaydigan (tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqa) sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan yerlar — suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan eʼtiboran besh yil muddatga. Ushbu imtiyoz suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz boʻlgan yoki demontaj qilingan boʻlsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi;

(428-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun yangi oʻzlashtirilayotgan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ularni oʻzlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular oʻzlashtirilgan vaqtdan eʼtiboran besh yil mobaynida;

melioratsiya ishlari amalga oshirilayotgan mavjud sugʻoriladigan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ishlar boshlanganidan eʼtiboran besh yil muddatga;

(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 428-modda birinchi qismi oʻn birinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son)

ilmiy tashkilotlarning, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda oʻquv yurtlariga qarashli tajriba, eksperimental va oʻquv-tajriba xoʻjaliklarining bevosita ilmiy hamda oʻquv maqsadlari uchun foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga molik boʻlgan yerlar va oʻrmon fondining yerlari. Ushbu xatboshiga muvofiq ilmiy tajribalar, eksperimental ishlar, yangi navlarning seleksiyasi oʻtkazilishi uchun hamda mavzulari tasdiqlangan boshqa ilmiy va oʻquv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekinlar hamda daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari soliq toʻlashdan ozod qilinadi.

(428-modda birinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1131-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1131/0377-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-iyul)

qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga oʻrnatilgan hamda ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalari;

(428-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi OʻRQ-785-sonli Qonuniga asosan oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu xatboshining qoidalari 2022-yil 1-apreldan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvati quyidagicha boʻlgan alohida turuvchi qurilmalari bilan band boʻlgan yer uchastkalari:

100 kVtgacha — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi mavjud boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilganda esa — ushbu panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil muddatga;

100 kVt va undan koʻproq — ular foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil muddatga.

(428-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yer uchastkalari (daraxtlarning qator oralaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qatʼi nazar) uchun besh yil muddatga 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi boʻyicha soliq toʻlanadi. Bunda vakolatli organ tomonidan bogʻlar va tokzorlarni iqtisodiy jihatdan samarasiz va hosildorligi past deb topish toʻgʻrisidagi xulosa berilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida yangi bogʻlar va tokzorlar barpo etilmagan yer uchastkalariga nisbatan soliq stavkasi uch baravar miqdorda oshirilgan holda belgilanadi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan soliq imtiyozi muddatini hisoblash kuzda yangi oʻtqazilgan koʻchatlar uchun keyingi yilning 1-yanvaridan eʼtiboran, bahorda yangi oʻtqazilgan koʻchatlar uchun esa joriy soliq davrining 1-yanvaridan eʼtiboran boshlanadi.

Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari bevosita moʻljallanilgan maqsadda foydalanilmayotgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

(428-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.