441-modda. Soliq toʻlovchilar
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchilar (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi hududida suvdan birlamchi foydalanishni yoki suvni isteʼmol qilishni amalga oshiruvchi quyidagi shaxslardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasalari orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar;
suvdan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar;
dehqon xoʻjaliklari, shuningdek qishloq xoʻjaligi yerlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar.
(441-modda birinchi qismining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Aholi punktlarining suv taʼminoti uchun suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faqat oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan suv uchun soliqni toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.