РусскийEnglish

456-modda. Soliq toʻlovchilar

Chet davlatlar avtotransport vositalarining egalari yoki ulardan foydalanuvchilar ushbu vositalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.

Yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining egalari ushbu vositalarning avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.

(456-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-apreldan eʼtiboran amalga kiritiladi)

Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish korxonalari hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish boshlanganligi haqida vakolatli davlat organi xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.

(456-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organi xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.

Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organi xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.

(456-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.