461-modda. Soliq toʻlovchilar
Aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar eʼtirof etiladi:
1) soliq davrida jami daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (bundan buyon ushbu boʻlimda yuridik shaxslar deb yuritiladi);
2) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar.
(461-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Aylanmadan olinadigan soliq quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga;
(461-modda ikkinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
2) aksiz soligʻi toʻlanadigan tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi va foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
3) yuridik shaxslar — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga, basharti ularda yigirma besh gektar va undan ortiq sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekin maydoni mavjud boʻlsa;
(461-modda ikkinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
4) benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
5) lotoreyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga;
6) oddiy shirkat ishlarini yuritish oʻz zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxsga — oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat boʻyicha, bundan islomiy moliya operatsiyalari boʻyicha banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat mustasno;
(461-modda ikkinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
7) boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan obyektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori boʻlgan yuridik shaxslarga, ulardan samarasiz foydalanilayotganligi boʻyicha qonunda belgilangan tartibda xulosa kiritilganda;
8) markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni (joriy va kapital taʼmirlash bundan mustasno) qurishni bajaruvchi yuridik shaxslarga;
9) alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni chakana sotish boʻyicha turgʻun savdo shoxobchalariga;
10) bozorlarga va savdo komplekslariga;
(461-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuniga asosan 9 va 10-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
11) soliq maslahatchilarining tashkilotlariga;
12) auditorlik tashkilotlariga;
13) notijorat tashkilotlariga, shu jumladan budjet tashkilotlariga;
(461-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 11, 12 va 13-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
14) dori vositalari, tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarga va (yoki) tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga;
(461-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuniga asosan 14-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1104/1213-son)
15) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga.
(461-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan 15-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.