РусскийEnglish

47-modda. Hisobvaraq-faktura

Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mazkur tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.

(47-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida, agar sotuvchi xaridorga kassa cheki yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjatni bersa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanilmaydi.

Realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) qiymati oʻzgarganda, shu jumladan yetkazib berilgan tovarlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar narxi oʻzgargan yoxud miqdori (hajmi) aniqlashtirilgan hollarda, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda qoʻshimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.

Ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq hisobga turishi lozim boʻlgan chet el yuridik shaxslari hisobvaraq-fakturalarni taqdim etmaydi, sotib olish reyestrlarini, sotish reyestrlarini, hisobga olish jurnallarini hamda ushbu Kodeks 282-moddasida koʻrsatilgan xizmatlarni koʻrsatish qismi boʻyicha qabul qilingan va berilgan hisobvaraq-fakturalarni yuritmaydi.

Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

(47-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.