РусскийEnglish

474-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi

Ushbu Kodeks 473-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran hisoblab chiqariladi.

Ushbu Kodeks 473-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona hududida ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran hisoblanadi.

(474-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomidan mahrum etilganda tadbirkorlik subyekti maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalardan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum etilgan oyning birinchi kunidan eʼtiboran foydalanishga haqli emas.

Agar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiyalar hajmini soliq imtiyozlarining uzoqroq amal qilish muddatini nazarda tutadigan miqdorgacha oshirsa, u investitsiyalarning haqiqiy hajmiga muvofiq soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda, agar investitsiyalar hajmining oshishi imtiyozlarning avvalgi amal qilish muddati tugaganidan keyin amalga oshirilsa, soliq imtiyozlari imtiyozlarning uzoqroq amal qilish muddatiga boʻlgan huquq yuzaga kelgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan eʼtiboran qoʻllaniladi.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.