РусскийEnglish

55-modda. Soliq qarzi

Ushbu Kodeks maqsadida hisoblab chiqarilgan (hisoblangan) va belgilangan muddatlarda toʻlanmagan soliqlarning, shu jumladan ular boʻyicha boʻnak va joriy toʻlovlarning summalari, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan muddatda toʻlanmagan moliyaviy sanksiyalar va penyalar soliq qarzi deb eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Majburiyatlar reyestri maʼlumotlarini vaqtincha saqlash yagona elektron bazasiga (bundan buyon matnda Majburiyatlar reyestri deb yuritiladi) kiritilgan ijro hujjatlari boʻyicha soliq qarzining hisobi alohida yuritiladi.

(55-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-iyundagi OʻRQ-1069-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2025-y., 03/25/1069/0510-son)

Soliq toʻlovchining yoki soliq agentining soliq qarzi barcha soliqlar boʻyicha ham, ularning har biri boʻyicha alohida-alohida ham aniqlanishi mumkin.

Soliq qarzini toʻlash, shu jumladan uni soliq organlari tomonidan undirish chogʻida toʻlash quyidagi tartibdagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

1) soliqlar summasi;

2) hisoblangan penyalar;

3) jarimalar.

Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.