88-modda. Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatlari
Soliq organi yoki boshqa vakolatli organ soliq tekshiruvini oʻtkazishga, tekshiruv natijalari boʻyicha soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisida talabnoma yuborishga yoki soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar miqdorini qayta koʻrib chiqishga haqli boʻlgan muddat soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati hisoblanadi.
(88-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati, natijalariga koʻra soliq majburiyati aniqlanadigan soliq davri tugaganidan keyin uch yilni tashkil etadi. Agar soliq majburiyatining yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bogʻliq boʻlsa, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati shu voqea yoki harakat sodir boʻlgan paytdan eʼtiboran uch yilni tashkil etadi.
(88-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ushbu Kodeks 84-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda daʼvo qilish muddati soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka koʻra soliq toʻlovchi tomonidan soliq stavkasi, toʻlanadigan soliq miqdori, soliq imtiyozi yoki soliq chegirmasi qoʻllanilishi va (yoki) soliqni toʻlash muddati oʻzgarishi bilan bogʻliq shartlarning amal qilish muddatiga uzaytiriladi.
(88-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatining oʻtishi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq toʻxtatib turiladi, uziladi va qayta tiklanadi.
(88-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.