91-modda. Yuridik shaxs tugatilganda soliq majburiyatini bajarish
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliq majburiyati mazkur yuridik shaxsning pul mablagʻlari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari hisobidan tugatuvchi tomonidan bajariladi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxsning pul mablagʻlari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari uning soliq qarzini toʻliq hajmda uzish uchun yetarli boʻlmasa, toʻlanmay qolgan qarz mazkur yuridik shaxsning ishtirokchilari tomonidan qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda uzilishi mumkin.
(91-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yuridik shaxs tugatilayotganda soliq majburiyatini mazkur yuridik shaxsning boshqa kreditorlari bilan hisob-kitoblari oʻrtasida bajarish navbati fuqarolik qonunchiligi bilan belgilanadi.
(91-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tugatilayotgan yuridik shaxs tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summalari soliq organi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda boshqa soliqlar boʻyicha soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olinishi lozim.
Ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarning (penyalarning, jarimalarning) hisobga olinishi lozim boʻlgan summasi boshqa soliqlar boʻyicha soliq qarziga mutanosib ravishda yoki tugatuvchining qaroriga binoan taqsimlanadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliqlar boʻyicha qarzi boʻlmagan taqdirda, ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summasi shu yuridik shaxsga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda u ariza bergan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay qaytarilishi lozim. Soliq toʻlovchi tomonidan ariza taqdim etilmagan taqdirda, ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summasi Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestridan chiqarilgan soliq toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻidan hisobdan chiqariladi.
(91-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish munosabati bilan soliqlar toʻlashda ham qoʻllaniladi.
Matn lex.uz dagi 2026-yil 6-avgust holatidagi tahrir asosida. 2026-yil 11-sentabr va 21-oktabrda e'lon qilingan o'zgartishlar bu matnga hali kiritilmagan; amaldagi tahririni lex.uz da tekshiring. Bu lotin yozuvidagi nusxa ma'lumot uchun berilgan.